Mahalla masalalari bo‘yicha vazifalar hokimlar zimmasiga yuklatiladi, hokim o‘rinbosari lavozimi qisqartiriladi. Bu haqda xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish va ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirish va mustahkamlash yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda prezident mahalla tizimidagi yangilanishlar haqida ham ma’lum qildi.
Xususan, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi sifatida qayta tashkil etildi. Unga rahbarlik qilish Prezident maslahatchisi Tursinxon Xudaybergenovga yuklatildi.
«Farzandlarimiz tarbiyasida nuroniylarimizning bilimlari va hayotiy tajribasidan keng foydalanishimiz zarur», dedi prezident.
Shu bois, «Nuroniy» jamg‘armasi rahbari Sodiqjon Turdiyev vazirning birinchi o‘rinbosari bo‘ladi.
Endi mahalla tizimida ham mutlaqo yangi tizim yaratilishi qayd etilgan.
Joylarda bu vazifa bevosita hokimlarning zimmasiga yuklatiladi, hokim o‘rinbosari lavozimi qisqartiriladi.
Mahalla raisi o‘z hududida hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoliyatini muvofiqlashtiradi va mahallada o‘zaro hamjihatlikda ishlashni ta’minlaydi.
Shuningdek, prezident Xalq qabulxonalarining vazifalari ham endi shahar va tumandan mahallaga tushadi, mahallabay fuqarolarni qabul qilib, ularning masalalari yechimiga yordam beradi.