Yangiliklar
Mehnatdan qadr topgan nuroniylar 17.08.2023

O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik kengashining qarori bilan turli sohalarda Vatanimiz taraqqiyoti, oilalar mustahkamligi, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatib, el-yurt hurmatiga sazovor bo‘lgan nafaqa yoshidagi mingdan ziyod hamyurtlarimiz I, II, III darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Xususan, Namangan viloyatidan 58 nafar faol nuroniy “Mehnat faxriysi” nishoniga munosib deb topildi. Namangan shahridagi “Ma’rifat” markazida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimda ushbu mukofotlar o‘z egalariga bayramona ruhda topshirildi. 

 

 

Tadbirda “Nuroniy” jamg‘armasi respublika boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Qahramoni, senator Sodiqjon Turdiyev, Namangan viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Akramjon Abduhamidov mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, keksalarga hurmat ko‘rsatish va ularning boy hayotiy tajribasiga suyanish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligini ta’kidladi. Bugungi kunda Namangan viloyatida 245 ming 600 nafar mehnat faxriy hukumatning g‘amxo‘rligini dildan his etmoqda. O‘zgalar parvarishiga muhtoj 1 ming 100 nafar yakka-yolg‘iz kishi yurtimizdagi so‘lim sihatgohlarda dam olib, salomatligini mustahkamladi. Qolaversa, yetti nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi va front orti ishtirokchisiga doimiy ravishda g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda.  

 

 

“Bir nuroniy o‘n yoshga mas’ul” tamoyiliga asosan yosh o‘g‘il-qizlar mahalladagi hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, zamonaviy fikrlaydigan keksalarga biriktirilgani ijobiy natija bermoqda. Tadbirda so‘zga chiqqan faxriylar ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlik va e’tibor uchun minnatdorlik so‘zlarini izhor etdi.

 

 

 

– Ellik yil davomida qishloq xo‘jaligida mas’ul vazifalarda ishladim. Tuman ijroiya qo‘mitasiga boshchilik qildim, – deydi I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibi, chustlik 75 yoshli Yo‘ldoshboy Rafiqov. – Halol mehnatlarim tufayli aslo kamlik ko‘rmadim. Kolxoz, keyinchalik shirkat xo‘jaligidagi rahbarlik faoliyatim e’tirofga sazovor bo‘ldi. Biz keksalar kamtarona mehnatlarimiz qadr topganidan bag‘oyat xursandmiz.  

Tadbir viloyat “Nuroniylar uyi”da “Bir piyola choy” dasturxoni atrofida davom etdi. Xushovoz san’atkorlar ijrosidagi dilrabo qo‘shiqlar yig‘ilganlarga zavq bag‘ishladi.  

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA

So'ngi yangiliklar