Vazirlik haqida
Vazirlikning vazifa va funksiyalari 19.08.2022

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlar bilan ishlash, mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022 yil 1 martdagi PF-81-son Farmoniga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligining asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi: 

mahallalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mahalla tizimini rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

mahallalarning jamiyatdagi o‘rni va rolini kuchaytirish, aholi kundalik muammolari bilan ishlash va ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi mavqeini yuksaltirish;

nuroniy va keksalarni mahallalarda oilalarni mustahkamlash, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, yoshlarni Vatanga muhabbat, ezgulik va rahmdillik singari an’analarni hurmat qilish ruhida tarbiyalashga keng jalb etish;

nuroniy va keksalarni qo‘llab-quvvatlash sohasiga oid qonunchilik hujjatlarining ijrosi, shu jumladan hududlarda, ayniqsa, olis qishloqlarda keksa avlod vakillariga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishini muvofiqlashtirib borish;

o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalarni ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish hamda manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda hal etish choralarini ko‘rish;

mahallalarning moddiy-texnika ta’minotini yaxshilash hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish.