Yangiliklar
Keksalar ulug‘langan yurtda fayzu baraka unadi 10.03.2023

Navoiy viloyati Karmana tumanidagi “Oqsaroy” tantanalar uyida tashkil etilgan “Uch avlod uchrashuvi” tadbirida viloyatda uzoq yillar yurt tinchligi, Vatan taraqqiyoti va xalq farovonligi yo‘lida mehnat qilgan nuroniylar, ayni paytda mehnat qilayotgan o‘rta avlod vakillari va yoshlar ishtirok etdi.

bugungi kunda mamlakatimizda keksalarni hurmat qilish, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada Prezidentimizning 2022 yil 15 mart kuni “Nuroniylarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush darajasini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori qabul qilingan.  

Darhaqiqat, keksalari bor xonadonda quvonch, fayzu baraka, xotirjamlik bor. Keksalarga ehtirom, e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish esa azaliy qadriyatlarimizdan hisoblanadi. Dastlab uchrashuvda viloyat hokimi Normat Tursunov so‘zga chiqib, bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, nuroniylarimiz uchun yaratilayotgan sharoitlar, yoshi ulug‘ insonlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, mehnat faxriylarini e’zozlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligini ta’kidladi.  

O‘z navbatida keksa otaxon va onaxonlarimiz ham yosh avlod vakillariga purma’no, hikmatlarga teng nasihatlarini berishdi va yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish, tinchlik degan ulug‘ ne’matning qadriga yetish, el-yurt koriga yarash – ulug‘ va mas’uliyatli ish ekanligi haqida gapirib, hayotiy tajribalarini so‘zlab berdi.

Bayramona dasturxon atrofida jam bo‘lgan tadbir ishtirokchilari xushovoz xonandalar, el ardog‘idagi san’atkorlar tomonidan Vatanni, ona yurtni tarannum etuvchi dildortar kuy-qo‘shiqlarni tinglab, raqslarga tushdi.

Albatta, bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar yoshlarni ma’nan yetuk bo‘lib ulg‘ayishiga, vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada chuqur singdirishga, mehnat faxriylarining hayot maktabi bilan yaqindan tanishishga xizmat qiladi.  

So'ngi yangiliklar