"Uch avlod uchrashuvi" ishtirokchilari "Barkamol avlod" yoshlar kichik sanoat zonasida bo‘ldilar. Dastlab "Master class dizayn" MChJda bo‘lib bejirim poyabzallar ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdilar. Loyiha qiymati qariyb 15 mlrd. so‘m bo‘lgan korxona yiliga 10 mlrd. so‘mlik mahsulot ishlab chiqaradi. Buning uchun 300 nafarga yaqin hunarmand yoshlar ishli bo‘ladi.
Korxonada nuroniylar ish o‘rganuvchi yoshlar bilan suhbatlashdilar. Ularga halol mehnat, ketmas davlat ekanini tushuntirdilar.
Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi Namangan shahar bo‘limi rahbari Anvarjon Nasriddinov tashrif buyurganlar e'tiborini "Barkamol avlod" yoshlar kichik sanoat zonasi ko‘rsatkichlariga qaratdi. Qariyb 10 gektar maydonni egallagan sanoat zonasida 46 ta loyiha bor. Ularning 18 tasi o‘z faoliyatini boshlagan.
Jumladan, "Sifat yogʻoch" MChJda hozirda 70 nafardan ziyod yigit-qiz ishlamoqda. Ishchilar soni 150 nafarga yetib, to‘la quvvat bilan ishlansa yiliga 31 mlrd.so‘mlik mebel mahsulotlari ishlab chiqariladi.