Yangiliklar
Oʼzbekistonda endi nuroniylar oʼrtasida tanlov oʼtkaziladi va eng yuqori koʼrsatkichli nuroniylar ragʼbatlantiriladi 16.06.2022

Har yili uch bosqichli "Bir nuroniy oʼn yoshga masʼul" tanlovi oʼtkaziladi va eng yuqori koʼrsatkichli nuroniylar "Nuroniy" jamgʼarmasi mablagʼlari hisobidan ragʼbatlantiriladi. Bu haqda АOKАda oʼtkazilgan brifingda Mahalla va nuroniylarni qoʼllab-quvvatlash vazirligi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzaeva maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tumanlar va shaharlarda tarkibiga 15 nafardan jami 3320 nafar tajribali, obroʼ-eʼtiborli keksalar jamlangan Nuroniylar jamoatchilik kengashlari tuzildi. 

Bundan tashqari, "Bir nuroniy oʼn yoshga masʼul" tamoyili asosida 26 ming nafardan ortiq nuroniylar 258 750 nafar ishsiz, tarbiyasi ogʼir va muammoli yoshlarga biriktirildi. Tegishli reja-grafik asosida “Bir nuroniy oʼn yoshga masʼul” shiori bilan 80 mingdan ortiq uchrashuvlar tashkil etildi.

Yoshlar tarbiyasida nuroniylar boy hayotiy tajribasidan unumli foydalanish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklar oldini olish, oilalar mustahkamligini taʼminlashda munosib ishtirok etayotgan keksalarni ragʼbatlantirib borish maqsadida joylarda “Bir nuroniy oʼn yoshga masʼul” tanlovi oʼtkazilishi belgilandi.

Tanlov Mahalla va nuroniylarni qoʼllab-quvvatlash vazirligi, “Nuroniy” jamgʼarmasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida har yili bir marta ikki bosqichda oʼtkaziladi.

Tanlov nizomiga koʼra tuman va viloyat darajasida eng yuqori koʼrsatkichga erishgan nuroniylar “Nuroniy” jamgʼarmasi mablagʼlari hisobidan 10 million soʼmgacha ragʼbatlantiriladi. Аyni kunlarda hududlarda tanlovning sektor bosqichlari yakunlanib, tuman (shahar) bosqichlari oʼtkazilmoqda.

So'ngi yangiliklar