“Mahalla institutining jamiyat hayotidagi rolini mustahkamlash va moliyaviy imkoniyatini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Moliya vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.
Qarorga binoan, har bir mahalla fuqarolar yig‘ini uchun yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Mahallaning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish jamg‘armasi tashkil etilmoqda.
Maqsad – mahalla infratuzilmasini yaxshilash (ichki yo‘llar, ichimlik suvi, sport maydonlari, kutubxonalar, bog‘lar tashkil etish va hokazo) bo‘yicha MFYlarning vakolatlarini va imkoniyatlarini kengaytirish.
“Mazkur jamg‘armalarda shakllantirilgan mablag‘lar amaldagi davlat budjeti, ijtimoiy rivojlantirish dasturlari va boshqa instrumentlar bilan qamrab olinmagan tadbirlarga qo‘shimcha ravishda yo‘naltiriladi hamda ularni tasarruf etish bo‘yicha MFYlar tomonidan mustaqil qaror qabul qilinadi.
Ya’ni mahalla fuqarolar yig‘inlari mahalla hududidagi mavjud muammolarni bartaraf etish uchun o‘z mablag‘lariga ham ega bo‘ladilar. Misol uchun, mahalla hududida bolalar maydonchasini tashkil etish yoki nuroniylar choyxonasi ta’mirlash va hokazo”, deyiladi xabarda.
Jamg‘armalarni shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilanmoqda:
mahalladagi hududi 2 000 kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat ko‘chmas mulk obektlarini hokim yordamchisi onlayn-buyurtmanomasiga asosan to‘g‘ridan to‘g‘ri elektron onlayn-auksion savdolari orqali sotishdan tushadigan mablag‘lar (baholash va sotish xarajatlari chegirilgan holda);
mahallaning mol-mulkini belgilangan tartibda ijaraga berishdan olinadigan mablag‘lar;
xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari qarorlariga asosan mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan ajratiladigan mablag‘lar;
hokim yordamchilari tavsiyalari asosida mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun mahalliy budjetdan ajratiladigan mablag‘lar (2022 yilda 250 mlrd so‘m);
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriya mablag‘lari;
xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy tashkilotlarning texnik ko‘mak mablag‘lari (kredit, grant, beg‘araz yordam va boshqalar).
Shuningdek, o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati hamda ularni faoliyati samaradorligi oshirish maqsadida MFYlarning yagona klassifikatorini ishlab chiqish hamda MFYlarning chegaralariga aniqlik kiritish bo‘yicha tegishli organlarga vazifalar yuklatildi.