“Nuroniy” jamg‘armasi respublika Boshqaruvida “Yashil Makon o‘z hududimizdan boshlanadi” shiori doirasida «Yashil makon” loyihasining bahorgi mavsumiga start berildi va mevali hamda manzarali ko‘chatlar ekildi.
Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan «Yashil makon” umummilliy loyihasining amalga oshirilayotgani yurtimizda bog‘lar, daraxtzorlar va obod manzillarning yanada ko‘payishiga xizmat qilmoqda, — deydi “Nuroniy” jamg‘armasi respublika Boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Qahramoni Sodiqjon Turdiyev. — “Yashil Makon” umummilliy harakatida bog‘ yaratish, ularni asrab-avaylash, daraxtlarni ko‘paytirish, sifatli ko‘chatlar tayyorlash hadisini olgan nuroniylarimiz ham faol qatnashib kelishmoqda. Bu yil mamlakatimiz nuroniylari ishtirokida “Yashil Makon o‘z hududimizdan boshlanadi” shioriga asoslangan aksiyaga start beryapmiz. Bu aksiya viloyat va tumanlardagi “Nuroniylar jamoatchilik kengashlari”, “Buvijonlar maktabi” faollari ishtirokida mamlakatimizning barcha hududlaridagi “Nuroniy” maskanlarida, mahallalarda davom ettiriladi.