Yangiliklar
Nogironligi bo‘lgan keksalar uchun turistik yo‘llanma qiymati to‘lab beriladi 02.06.2020

Vazirlar Mahkamasining 28.05.2020 yildagi «Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 340-son qarori bilan I guruh nogironligi bo‘lgan keksalar uchun bepul sayohat uyushtirish bo‘yicha imtiyoz joriy etildi.

Tasdiqlangan Keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, 1 noyabrdan 30 noyabrgacha «Keksalar uchun turizm oyligi» e'lon qilinadi, deb yozmoqda Norma.
 
Oylik doirasida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi turizm obektlari tomonidan ixtiyoriy taqdim qilinadigan chegirmalar va aksiyalar to‘g‘risida o‘z rasmiy veb-sahifasida e'lon qilib boradi, Transport vazirligi, «Uzbekistan Airways» AJ va «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ bilan birgalikda esa sayohat qiluvchilar uchun chiptalarga ixtiyoriy chegirmalarni e'lon qiladi. Bundan tashqari, Madaniyat vazirligi madaniy meros obektlariga kirish chiptalariga chegirmalar e'lon qilishni rejalashtirmoqda. 
 
«Sayohat barcha uchun!» – ana shu shior ostidagi xayriya loyihasi butun mamlakat bo‘ylab amalga oshiriladi. I guruh nogironligi bo‘lgan keksalar yiliga bir marotaba bepul turistik sayohat qilish imkonidan foydalana oladilar. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi sayohat qiluvchilar ro‘yxatini 1 oktyabrga qadar shakllantiradi. 
 
Sayohat davomida sayohatchilarni joylashtirish, ovqatlanish va transport xizmatlari uchun mablag‘larning 50 foizi xayriya loyihasining maxsus hisobvarag‘idan, qolgan 50 foizi «Nuroniy» jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
 
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga nogironlar va yolg‘iz pensionerlarga birinchi navbatda moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ta'sirchan nazorat o‘rnatish, shu jumladan pensiyalarni to‘lash, ijtimoiy va tibbiy ta'minot xizmatlarini ko‘rsatish vazifasi topshirildi. O‘zgalar parvarishiga muhtoj va yolg‘iz keksalarning turar joylarini ta'mirlash uchun mahalliy budjetlardan mablag‘lar ajratilishi nazarda tutilgan.
 
Hujjat 29.05.2020 yildan kuchga kirgan.

So'ngi yangiliklar